Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Hujjatlarni O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirokida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda “Gazprom” boshqaruvi Raisi Aleksey Miller imzoladi.

Qayd etilishicha, Rossiya gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali eksport qilish 2023-yilning to‘rtinchi choragidan boshlanadi.

2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

Shundan so‘ng, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat gazni “alyans yoki ittifoq orqali” emas, balki shartnomalar bo‘yicha import qilish niyatida ekanini qayd etdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gaz yetkazib berishda “siyosiy shartlar” haqida gap bo‘lmasligini aytdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Ekspertlar O‘zbekiston va Rossiya gaz ittifoqidan Qirg‘iziston ham manfaatdorligini hamda Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqasidagi hamkorlikning faollashuvi mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.

Shuningdek, fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.