Avvalroq “Spot” Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eksport qilish joriy yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi, yetkazib berishni amalga oshirish bo‘yicha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida shartnoma imzolanib, yo‘l xaritasi tasdiqlangani haqida yozgandi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga koʻra, gaz oldi-sotdisi boʻyicha shartnoma “UzGastrade” va “Gazprom eksport” oʻrtasida 2 yil muddatga tuzilgan.

Taʼkidlanishicha, shartnoma toʻliq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, isteʼmolchilarning tabiiy gazga boʻlgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazishga qaratilgan.

Shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 mln kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi moʻljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 mlrd 800 mln kubometrni tashkil etadi.

Tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikadagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan.

Tasdiqlangan yoʻl xaritasiga muvofiq, avval tabiiy gaz “Oʻrta Osiyo — Markaz” magistral gaz quvuri orqali Qozogʻistondan tranzit bilan Rossiyaga yuborilganligi va endilikda gazning revers rejimida (teskari oqimda) Oʻzbekistonga yetkazilishini, shuningdek, respublika hududida yangi gaz oʻlchash stansiyasi qurilishini hisobga olgan holda, belgilangan tadbirlarni joriy yilning sentabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Jumladan, yoʻl xaritasi doirasida mamlakat gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi.

Shuningdek, 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal taʼmirlash hamda tiklash ishlari bajariladi. 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari quriladi va 56 kilometrlik gaz quvurlari taʼmirlanadi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berishni tiklagani haqida yozgandi. Aprel oyida mamlakatga qiymati $40 mlndan ortiq tabiiy gaz yetkazib berilgan.