Turkmaniston “gaz ittifoqi"ning Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida kengayishi mumkinligi haqidagi xabarlardan xavotir bildirdi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi saytida xabar berildi.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Birichevskiy “gaz ittifoqi"ni kengaytirish haqida fikr bildirdi. “Turkmangaz” rahbari o‘rinbosari Mirad Archayevning ta’kidlashicha, mazkur bayonot bir qancha savollar tug‘dirmoqda.

“Biz qanday „kengaytirish imkoniyatlari“ haqida gapiryapmiz, qaysi „boshqa davlatlar“ ularga qiziqish bildirmoqda, gaz sohasidagi „uch tomonlama hamkorlik“ ortida, qoida tarzida, nima turibdi? Rossiya diplomati ishlatadigan soddalashtirilgan til ularga javob bermaydi. Bu yerda esa to‘liq aniqlik talab etiladi, chunki boshqa davlatlar, jumladan, Turkmaniston manfaatlariga ham ta’sir qiladi”, — dedi u.

Turkmaniston-Xitoy gaz quvurining uchta tarmog‘i mamlakat sharqi va janubi-sharqidagi turkman konlaridan gaz yetkazib beradi. Uchta liniya ham “Turkmangaz” va Xitoyning CNPC kompaniyasi tomonidan qurilgan.

Yetkazib berishning umumiy hajmi yiliga 55 mlrd kub metr gazni tashkil etadi. Shundan 40 mlrdi Turkmaniston tomonidan tuzilgan bo‘lsa, qolgan 15 mlrdi O‘zbekiston va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Quvurni to‘ldirish uchun boshqa mamlakatlardan gaz manbalari yo‘q va Xitoyga yetkazib beriladigan gaz hajmini taqsimlashning mavjud sxemasida Turkmaniston-Xitoy gaz quvuri loyihasining a’zoligini kengaytirish rejalari mavjud emas”, — dedi Archayev.

Uning ta’kidlashicha, Turkmaniston Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekistondan bo‘lgan hamkorlar oldidagi o‘z majburiyatlariga qat’iy amal qilib, o‘zaro munosabatlarga ishonadi.

Gaz yetkazib berishning rasmiylashtirilgan hajmlari va sxemalaridagi har qanday o‘zgarishlar barcha ishtirokchilar bilan oldindan kelishib olishni talab qiladi. Biroq Turkmaniston bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmagan.

Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston tomonidan gaz bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish borasida rasmiy takliflar bo‘lmaganini ma’lum qildi.

“2022-yilning noyabrida Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida gaz sanoati sohasida uch tomonlama hamkorlikni shakllantirish tashabbusi Rossiya tomonidan e’lon qilingan edi. Shu bilan birga, na Rossiya, na O‘zbekiston tomonidan rasmiy takliflar bo‘lmadi”, — dedi vazirlik rasmiysi Shingis Ilyosov.

Shuningdek, u Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzit qilish uchun “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri bo‘yicha texnik ishlar 1-oktabrgacha yakunlanishini eslatdi.

Iyul oyida Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi oktabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazini tashishni boshlashi haqida xabar berilgandi.


Uch tomonlama hamkorlik

2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

Aprel oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz quvuri orqali yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

May oyida Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish masalasini muhokama qilayotgani xabar qilindi.

Iyun oyida Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eksport qilish to‘rtinchi chorakda boshlanishi ma’lum qilingandi. Bu bo‘yicha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida shartnoma imzolanib, yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Gaz oldi-sotdisiga oid shartnoma “UzGastrade” va “Gazprom eksport” oʻrtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, kuniga 9 mln kubometr, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometr tabiiy gazni import qilish belgilangan.