Avvalroq “Spot” Sankt-Peterburgda Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida xalqaro gaz forumi o‘tayotgani haqida xabar bergandi. Xususan, O‘zbekiston hukumati va “Gazprom” energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzoladi.

Rossiya O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan kelgusi 15 yil davomida gaz bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilmoqda. Bu haqda “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Millerga tayanib, “TASS” xabar berdi.

“Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar, muzokaralar joriy davrda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan hamkorlikning qonuniy majburiy shartnoma bazasini 2024-yilning o‘rtalarigacha 15 yil oldinga olib chiqish maqsadida memorandumlar imzolashga qaratilgan”, — dedi Miller.

Gazprom rahbari Rossiya gazini Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida yaqin yillarda yangi yo‘nalishlar va mavjud Buxoro-Ural gaz quvuri o‘rganilayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, energetika vaziri Mirzamahmudov O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha kunlik hajmlar va shartnoma majburiyatlari bajarilayotganini qayd etdi. Kelgusida ko‘k yoqilg‘i importi hajmi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi u.

“Biz neftni qayta ishlashning o‘sishini hisobga olgan holda ishlayapmiz, lekin bu yerda iste’molchi kompaniyalar darajasida ko‘proq ish olib borilmoqda. Biz neft va neft mahsulotlarini import qilamiz va buni kengaytirishga tayyormiz”, — dedi vazir.

Oktabrdan Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoniga start berildi. Kelishuvga ko‘ra, kuniga 9 mln kubometr, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometr tabiiy gazni import qilish belgilangan.