O‘zbekiston “Gazprom” bilan gaz ta’minoti hamda tashish sohasida hamkorlikka kelishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi — 2023” doirasida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiya kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv o‘tkazildi.

Unda hamkorlikning borishi hamda imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, oktabrda tranziti boshlangan Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar energetika kompleksidagi hamkorlik bo‘yicha strategik memorandumni imzoladi. Hujjat bilan, gaz ta’minoti va tashish sohasida hamda uglevodorodlarni geologiya-qidiruv va qazib olish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish belgilangan.

Joriy yilning 7-oktabr kuni Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoniga start berildi.

Iyunda “Gazprom” bilan gaz oldi-sotdisi bo‘yicha tomonlar ikki yillik shartnoma tuzishgandi. Kelishuvga ko‘ra, kuniga 9 mln kubometr, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometr tabiiy gazni import qilish belgilangan.

Gaz yetkazib berish jarayonini boshlashda ishtirok etgan Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston “Gazprom” bilan gaz importi bo‘yicha yangi muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Qayd etilishicha, Rossiya kompaniyasi bilan o‘rta va uzoq muddatli gaz eksportiga qaratilgan shartnomalar muhokamasi boshlangan.

Avvalroq Qozog‘iston yil oxirigacha O‘zbekistonga 800 mln kub metr Rossiya gazini yetkazib berishi ma’lum qilingandi.