O‘zbekiston “Gazprom” bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuvlarni amalga oshirmoqchi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, Rossiya kompaniyasi bilan o‘rta va uzoq muddatli gaz eksportiga qaratilgan shartnomalar muhokamasi boshlangan.

“Prezidentning rasmiy tashrifi doirasida biz „Gazprom“ bilan o‘rta va uzoq muddatli gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar muhokamasini ham boshladik”, dedi vazir “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida.

Shuningdek, vazir Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoni boshlanganiga ham to‘xtalib, buning uchun qisqa muddatda yangi gaz o‘lchash qurilmalari qurilganini qayd etdi.

“Kuz-qish davrida ortgan iste’molning defitsit qismini qoplashning bir qismini ta’minlab beradi. Ya’ni qishda barqaror energiya ta’minotiga hissa qo‘shadi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Joriy yilning 7-oktabr kuni Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoniga start berildi. Unda Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Putin va Qosim-Jomart Toqayev ishtirok etgandi.

Iyun “Gazprom” bilan gaz oldi-sotdisi bo‘yicha tomonlar ikki yillik shartnoma tuzishgandi. Kelishuvga ko‘ra, kuniga 9 mln kubometr, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometr tabiiy gazni import qilish belgilangan.

Rossiya prezidenti Putin Rossiya ishonchli tabiiy gaz yetkazib beruvchi maqomini tasdiqlashini qayd etib, mamlakat bundan keyingi hamkorlikka ochiq ekanini bildirgandi.