Endi banklar top-300 talik oliygohga kirganlarga imtiyozli ta’lim krediti ajratadi. Bu haqda 30-iyun kuni Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Joriy yil fevral oyida o‘tgan uchrashuvda yoshlar uchun 40 dan ziyod yangi tashabbuslar e’lon qilinib, qariyb $500 mln ajratildi. Bu yil $35 mlrdlik 8 300 ta loyiha ishga tushirilib, 292 mingta ish o‘rni yaratiladi. Yana 500 mingta ish o‘rni yaratadigan $83 mlrdlik loyihalar rejalashtirilgan.

Masalan, energetikada $20 mlrd, neft-gaz va kimyoda $11 mlrd, tog‘-konda $7 mlrd, elektrotexnika va avtomobilsozlikda $4,5 mlrdlik minglab korxonalar ishga tushadi.

Ishlar boshlanishi bilan “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energiya, raqamli geologiya, texnologik minerallar, bio-injeneriya yo‘nalishlarida minglab mutaxassislarga talab oshishi kutilmoqda.

El-yurt umidi jamg‘armasining stipendiya tanlovi doirasida top-300 talik oliygohga kirganlar uchun o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.

STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar bir necha barobar oshiriladi.

Endilikda banklar top-300 talik oliygohga kirgan yoshlarga $20 minggacha imtiyozli ta’lim krediti beradi.

Bundan tashqari, “Garvardchilar” maktabi Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida faoliyatini boshladi. Ushbu xalqaro maktabga bu yilgi 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinadi va 3 ta yo‘nalishda o‘qitiladi. Kelgusida o‘quv o‘rinlari karrasiga ko‘paytiriladi.

Milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi seleksiya qilinib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi nufuzli oliygohlarga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi.