Sud Raqobat qo‘mitasining shaharlararo va shahar atrofida yo‘lovchi tashuvchi poyezdlar chiptalarining asossiz oshirilgan narxlari uchun kompensatsiya undirish to‘g‘risidagi qarorini o‘z kuchida qoldirdi, deya xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.
O‘zbekiston temir yo‘llari'ning ikkala tuzilmasi — O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi va Shahar atrofida yo‘lovchi tashish kompaniyalari qo‘mitaning tegishli qaroridan norozi bo‘lib, sudga shikoyat qilgan. Biroq, bir nechta sud instansiyalarining hal qiluv qarorlari bilan ushbu korxonalarning arizalarini qanoatlantirish rad etilgan.
Maxsus komissiyaning qarori va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilib, ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish va moliyaviy jarima to‘lash belgilandi.
O‘tgan yilning avgust oyida Raqobat qo‘mitasi O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi va Shahar atrofida yo‘lovchi tashish kompaniyalariga moliyaviy jarima qo‘llagandi. Korxonalarning Farg‘ona filiallari tomonidan 792 186 nafar yo‘lovchidan chiptalardan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha ortiqcha haq undirilgan.
O‘shanda qo‘mita maxsus komissiyasi ikkita korxonaga 1,3 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. Shuningdek, kompaniyalardan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida ularga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi'ning ma’lum qilishicha, kompaniyaning Farg‘ona filiali tomonidan moliya boshqarmasida chiptaning tarif qiymati tasdiqlatilgan bo‘lib, vositachilik yig‘imi (3000 so‘m) tashuvchi tomonidan mustaqil belgilangan. Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishida chipta narxi 12 ming so‘mni, tashish xarajati esa undan yuqori — 30 ming so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 1760 dan ortiq avtobus bekatlari talabga javob bermasligini aniqlagani haqida xabar berilgandi. Natijada, Transport vazirligi hamda hududiy hokimliklarga kamchilik va qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.