Uzbekistan Airports boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari tayinlandi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
Kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq, Salohiddin Ziyaviddinovich Nasirov Uzbekistan Airports boshqaruvi raisining operatsion faoliyat bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Salohiddin Nasirov mehnat faoliyatini 2003-yilda O‘zbekiston havo yo‘llari (hozirgi Uzbekistan Airways) milliy aviakompaniyasida boshlagan. 2023−2024 yillarda Uzbekistan Airports’ning operatsion faoliyat departamenti direktori lavozimida ishlagan.
2022-yil dekabr oyida o‘sha paytda Air Samarkand bosh direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Salohiddin Nosirov ASIA SONNECT: Airline Network Development konferensiyasida yangi xususiy aviakompaniya haqida taqdimot qilgandi.
Uzbekistan Airports rahbariyati tarkibiga to‘qqiz kishi: boshqaruv raisi va uning sakkiz nafar o‘rinbosari, shu jumladan, ikki nafar birinchi o‘rinbosari kiradi. 2023-yilning 9-avgustidan buyon Ra’no Jo‘rayeva o‘rniga Javlonbek Umarxo‘jayev Uzbekistan Airports’ni boshqarib kelmoqda. 2024-yilning 20-iyun kuni u Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi lavozimiga rasman tasdiqlangan.
Avvalroq Spot UzAuto Motors’ning yangi bosh direktori etib Yanosh Kovach tayinlangani haqida yozgandi.