UzAuto Motors kompaniyasining foydasi 2025-yilning yanvar-mart oylarida ikki baravardan ko‘proqqa kamaygan. Bu haqda Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlarida keltirilgan.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisining birinchi chorakdagi sof tushumi 17% ga — 11,68 trln so‘mdan 9,69 trln so‘mgacha kamaydi. O‘z navbatida, mahsulotlarni sotishdan olingan yalpi foyda uchdan bir qismga kamayib, 1,55 trln so‘mni tashkil etdi.
Sof foyda 2,02 baravarga — 1,29 trlndan 637,4 mlrd so‘mga kamaydi.
Sof foyda ikki baravar kamayganiga qaramay, davlat kompaniyasining xarajatlari o‘tgan yilgi darajada qoldi. Hisobot davrida sotilgan mahsulot tannarxi 8,14 trln so‘mgacha (-12,54%) pasaygan bo‘lsa, UzAuto Motors xarajatlari biroz oshib, 1,08 trln so‘mni tashkil etdi.
Banklarning uzoq muddatli kreditlari qariyb ikki baravarga — 1,55 trln so‘mdan 826,7 mlrd so‘mga, boshqa kreditorlik qarzlari 3,32 trln so‘mdan 1,73 trln so‘mga kamaydi. Biroq, qisqa muddatli kreditlar miqdori 8,57 baravarga — 825 mlrd so‘mdan ortiqqa oshdi.
Iyun oyida UzAuto Motors kompaniyasiga Yanosh Kovach yangi bosh direktor etib tayinlangani haqida xabar bergandi. Bu lavozimda u yanvar oyidan buyon bosh direktor vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelgan Odiljon Bastamqulov o‘rnini egalladi.