Joriy yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekistonda pasport va ID-karta kabi hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinadi. Bular qatorida haydovchilik hamda avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar ham bor.
YHXX matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev muhokamalarga sabab bo‘layotgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, avtomobil haydovchilaridan yo‘l-patrul xizmati xodimlariga tegishli hujjatlarning asl nusxasini taqdim etish talabi o‘z kuchida qolishini ma’lum qildi.
Hukumatning 2024-yil oxirida qabul qilingan tegishli qarori bilan Yagona portal va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi 17 turdagi hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etilishi belgilangandi. Banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida ularning qog‘oz nusxalari talab etilmaydi.
Shu bilan birga, davlat, korporativ va boshqa xizmatlar, jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ularni so‘rashga yo‘l qo‘yilmaydi.
YHXX matbuot xizmatining qayd etishicha, bu tartib idoraning fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi ma’muriy amaliyot markazlari yoki ro‘yxatga olish hamda imtihon olish bo‘limlarida amal qiladi.
MJtKning 135-moddasi to‘rtinchi qismi bilan haydovchilar avtomobillarni boshqarish davomida YPX inspektorlariga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishlari shartligi belgilangan.
Ushbu hujjatlar mavjud bo‘lsa, haydovchilardan avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi, ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi, shuningdek, egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta polisi hamda “tonirovka” ruxsatnomasini yonida olib yurishlarii talab etilmaydi.
1-iyuldan boshlab fuqarolar ichki aviaparvozlar uchun aeroportda ro‘yxatdan o‘tishda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron variantidan foydalanishlari mumkin bo‘ldi.
Buning uchun Yagona portal sayti yoki mobil ilovasi, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetga kirib, shaxsiy ma’lumotlar sahifasiga o‘tish hamda elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tish joyidagi xodimga ko‘rsatish kerak.