O‘zbekkosmos dala yong‘inlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirdi. Bu haqda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

dalayongini.cmspace.uz ochiq portali orqali O‘zbekistonning barcha hududlaridagi dalalarda aniqlangan va sodir bo‘layotgan yong‘inlar, uning hajmi hamda manzili haqida to‘liq ma’lumot olish mumkin.

Bundan tashqari, saytda hududlar kesimida hamda kunlik ravishda ma’lumotlar berib boriladi. Hozirda yong‘in kuzatilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 1139 ta bug‘doy dalalari keltirilgan.

Agentlik, shuningdek, dala yong‘inlari haqida fuqarolardan ma’lumotlar va xabarlarni qabul qilish maqsadida maxsus Telegram-botini ham ishga tushirdi. O‘zbekkosmos'da ta’kidlanishicha, bu salbiy holatlar bo‘yicha xabardorlikni oshirishga qaratilgan.

o‘zbekkosmos, qonun buzilishi, monitoring, ekologiya

Bunda @UzCosmos_Yongin_bot orqali dala yong‘inlariga guvoh bo‘lgan fuqarolar real vaqt rejimida suratlar va manzillarni agentlikka yuborishlari mumkin. Murojaatda hodisa joylashuvi, 1−5 ta rasm yuborish kerak. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor etilmaydi.

May oyida Bosh prokuratura hamda O‘zbekkosmos o‘rtasida O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangandi. Tomonlar daraxtlar kesilishi, noruda materiallari qazib olinishi hamda chiqindi poligonlari monitoringi bilan birga, ekindan bo‘shagan yerlarda somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish holatlarini nazorat qiladi.

2024-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgacha davlat kosmik monitoringi sohasidagi ishlar rejasini tasdiqladi. Hujjat noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ruxsatsiz binolar va inshootlar qurish, o‘rmonzorlar va suv omborlarining holatini nazorat qilishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekkosmos o‘tgan yilda O‘zbekistonda 2 mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalarni aniqladi. Eng ko‘p qoidabuzarliklar Toshkent va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda aniqlangan.

O‘zbekkosmos direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov sun’iy yo‘ldosh uchirish O‘zbekistonga $50−100 mlnga tushishi mumkinligini aytgani haqida xabar berilgandi.