O‘zbekistonda go‘shtga bo‘lgan talabni qondirish hamda narxlarni barqaror ushlab turish uchun import hajmini oshirish va chorvachilik xo‘jaliklarini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda 26-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat majlisida ma’lum qilindi.
Senator Ikromjon Najmiddinov joriy yilning fevral oyi oxiridan avval Toshkentda, undan keyin hududlarda go‘sht narxining keskin oshishi kuzatilganini qayd etdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-aprel oylarida qo‘y go‘shti 15,2%, mol go‘shti esa 14,6% ga qimmatlashgan. Yillik hisobda bu mos ravishda 32,3% va 30,5% ni tashkil etgan. Aprelda yillik inflyatsiya darajasi 10,1% ga yetdi, shundan 2,2 foiz punkti go‘sht mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Go‘sht keng iste’mol qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi, bu holat o‘z navbatida aholini xavotirga solmoqda, shu bois go‘sht narxining keskin o‘sishi aholining inflyatsiya kutilmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi u.
Najmiddinov mutasaddilarga yil boshida qabul qilingan chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori ijrosi yuzasidan qanday choralar ko‘rilayotgani, yil yakunigacha ichki bozorda taklif hamda go‘sht narxining barqarorligi ta’minlanishi qanday bo‘lishi haqidagi savollar bilan murojaat qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Akramjon Abduhamidovning qayd etishicha, go‘sht mahsuloti bo‘yicha minimal iste’mol me’yori jon boshiga 42,8 kgni, yillik hisobda esa 1,7−1,8 mln tonnani tashkil etadi.
Bu yil tirik vaznda 3,2 mln tonna go‘sht ishlab chiqarish, 1 mln tonna parranda go‘shti yetishtirish rejalashtirilgan. Ularning 85%i uy xo‘jaliklarida yetishtiriladi. Bu jarayonga aholini kooperatsiya asosida jalb qilish uchun $50 mln resurslar yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga ham imtiyozlar beriladi. Jumladan, ularga QQSning 50%ini har oy “keshbek” sifatida qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda naslchilik korxonalariga 2028-yilgacha jo‘ja yetkazib berishda ishlatiladigan transport vositalari importi uchun bojxona bojini 5% stavkada belgilash nazarda tutilgan.
Go‘sht mahsulotlarini yetishtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan $50 mln miqdorida imtiyozli resurslar ajratiladi. Vazirlik Veterinariya, chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga xalqaro moliya institutlaridan mablag‘ jalb qilishni topshirgan.
Abduhamidov qariyb olti oyda mamlakatga 98,3 ming tonna go‘sht import qilinganini, bu hajm o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar yuqoriligini qayd etdi. Shu bilan birga, 86,6 ming bosh tirik qoramol hamda 32,3 ming bosh qo‘y va echkilar olib kelingan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i import hajmini oshirish, ichki iste’mol talabini qondirish hamda go‘sht mahsulotlarining tannarxini tushirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar Mo‘g‘ulistondan chorva mollari importini amalga oshirish uchun muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi.
“Yil yakunigacha prezident tomonidan belgilab berilgan ko‘rsatkichlarni amalga oshirish uchun soliq, bojxona imtiyozlari va moliyaviy resurslarni yo‘naltirgan holda go‘sht ishlab chiqarish, uning tannarxini tushirish choralari ko‘riladi”, — deya xulosa qildi Akramjon Abduhamidov.
Veterinariya, chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov butun dunyodagi iqtisodiy tebranishlar davrida go‘sht narxining oshishi kuzatilayotganini qayd etdi. Masalan, ikki yil oldin Yevropa davlatlaridan naslli qoramol 2100 yevrodan xarid qilingan bo‘lsa, hozirda 3500 yevrodan taklif qilinmoqda. Akbarov buni ozuqa, yem-ozuqa narxlari, elektr energiyasi, yoqilg‘i-moylash xarajatlari narxlarining oshishi bilan izohladi.
Abror Akbarovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash uchun “barcha imkoniyatlar yaratilmoqda”. Joriy yilda chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha qiymati 5,2 trln so‘mlik 1350 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 167 ta tumanda Fransiya tajribasi asosida go‘sht va sut yo‘nalishidagi 668 ta kichik chorvachilik kooperatsiyasi tashkil etilib, qo‘shimcha 10 ming tonna go‘sht yetishtirilishi ta’minlanadi.
Ozuqa bazasini mustahkamlash uchun esa qariyb 465 ming gektarga ozuqa ekinlari ekildi. Mo‘g‘ulistondan 7000 bosh Bayat zotli qo‘ylar olib kelinib, yaylov yerlarda parvarish qilinmoqda, ularning soni hozirda qariyb 15 ming boshga yetkazilgan.
Yaylov yerlar degradatsiyasining oldini olish uchun OTB hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligidan $50 mln jalb etiladi. Uning doirasida quduqlarni rekonstruksiya qilish, yangilarini tashkil etish va yerlarni degradatsiyadan chiqarish, shuningdek, urug‘chilikni tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.
Iyun oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shartligini qayd etib, ular keskin oshmasligi hamda korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlanganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari oziq-ovqatni ko‘paytirishda eng katta zaxira bo‘lgan 16 mln gektar yaylov va 12 mln gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini ta’kidladi. Bosh vazirga bir oyda o‘rmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun bo‘lib berishni hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Bu orqali go‘shtga bo‘lgan ichki ehtiyojni qoplab, eksportga chiqish mumkin.
Avvalroq bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tizim Qashqadaryoda ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.