O‘zbekistonda mahalla tomorqalarida qo‘shimcha mahsulot olishga qaratilgan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 16-iyun kuni prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari qator sohalardagi muammolarni tahlil qilib, ularning yechimlarini ko‘rsatib o‘tdi. Yil boshidan 867 ta “og‘ir” toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trln so‘m berildi. Buning hisobiga 662 ming xonadondagi jami 80 ming gektar tomorqaga 25−30 yil ichida ilk bor suv yetib bordi. Lekin serdaromad ekin ekib, 2−3 marta hosil olish o‘rgatilmayotgani qayd etildi.

“Tomorqaga suv yetkazish uchun sarflangan 1 so‘m hisobidan hech bo‘lmaganda 2−3 so‘mlik mahsulot yaratilsa, 662 ming oila mavsumda qo‘shimcha 5−6 mln so‘m daromad ko‘radi-ku!” — dedi prezident.

Mutasaddilarga Qoraqalpog‘istonda 150 mlrd so‘m berilgan 89 ta mahallada tomorqadan 350−400 mlrd so‘mlik qo‘shimcha mahsulot olish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.

Mamlakat bo‘ylab har bir tumanda 5 tadan, jami 1 156 ta drayver loyiha infratuzilmasiga 300 mlrd so‘m ajratilgan. Lekin Buxorodagi 27 ta, Navoiydagi 22 ta loyiha bo‘yicha qurilish boshlanmagan. Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatida ham ishlar rejadan 1−2 oyga kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yoki 16 ta tumanning har birini jadal rivojlantirishga 70 mlrd so‘mdan pul ajratildi.

Birinchi bosqichda 336 mlrd so‘m berilgani bilan Chimboy, Asaka, Chortoq tumanlari hokimlari o‘zi bergan loyihani uch oydan beri qayta-qayta o‘zgartirayotgani tanqid qilindi. Sirdaryo, Yakkabog‘ tumanlari va Yangiyo‘l shahrida ham ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi. Hokimlar natija bo‘lmasa, mablag‘ qaytarib olinishidan ogohlantirildi.

Meva-sabzavot yetishtirish, saqlash, qayta ishlashga agrotexnologiya olib kirish, eksportni ko‘paytirish uchun 16 ta tumanda “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, 300 mlrd so‘m berilgan. Banklar ham ularga $10 mlndan resurs ajratishni boshladi.

“Lekin bu tumanlarning 5 tasida meva-sabzavot eksporti ko‘payish o‘rniga, o‘tgan yilgidan kamaygan. Barcha masalalar resurs bilan hal qilib berilgan bo‘lsa, „Agrostar“ kompaniyalari qachon natija berishni boshlaydi”, — deya savol qo‘ydi prezident.

Hokimlardan oziq-ovqat va eksportni ko‘paytirish talab qilinmoqda. Lekin tumanlar hududining katta qismini tashkil qiladigan o‘rmon va yaylov yerlari respublika tashkilotlariga berilgan. Tuman hokimining vakolati bo‘lmagani uchun daraxt bilan qoplanmagan o‘rmon hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtira olmaydi.

Umuman, oziq-ovqatni ko‘paytirishda eng katta zaxira bo‘lgan 16 mln gektar yaylov va 12 mln gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Shuncha resurs bilan go‘shtga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, eksportga ham chiqsak bo‘ladi-ku!” — dedi davlat rahbari.

Bosh vazirga bu masalani nazoratga olib, bir oyda o‘rmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun bo‘lib berishini hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Shuningdek, yaylov va o‘rmon yerlarini olayotgan fermer va chorvadorlarning aylanma mablag‘ini ham hal qilib berish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatilishi haqida xabar berilgandi. Endilikda ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘lib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Xalq nazorati portali butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi.