Apple kompaniyasi AQSh Adliya vazirligi va 16 shtat hukumatining da’vosi bo‘yicha sud oldida javob berishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.

Ular kompaniyani monopoliyaga qarshi qonunchilikni tizimli ravishda buzganlikda ayblamoqda. Apple’ga qarshi da’vo 2024-yil mart oyida kiritilgan.

Kompaniyaga qarshi tergov 2019-yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida boshlangan edi. Natijada, hokimiyat vakillari iPhone ishlab chiqaruvchisi bir vaqtning o‘zida bir necha usul bilan AQSh monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzayotgani haqida xulosaga kelishdi.

Kompaniya o‘sha vaqtdayoq rasmiylarning xulosalariga qo‘shilmasligini, da’voni asossiz deb hisoblashini va sudda o‘z manfaatlarini himoya qilish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.

Ammo Nyu-Jersi shtatining Nyuark shahridagi okrug sudyasi Juliyen Nils 2025-yil 1-iyulda Apple kompaniyasining da’voni rad etish to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirmadi, deb yozadi Reuters.

Qayd etilishicha, bu Apple’ning uchun so‘nggi 15 yil ichida AQShdagi uchinchi monopoliyaga qarshi ish hisoblanadi.


Aprel oyida Yevrokomissiya Apple’ga $570 mln va Meta’ga $228 mln jarima solgandi.

Regulyatorning jarima solishiga ikkala kompaniyaning monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani sabab bo‘lgan.

Iyun oyida Yevropa ittifoqi Apple’ni navbatdagi jarimaga tortishi mumkinligi haqida xabar berildi.

Apple 26-iyungacha App Store’dagi uchinchi tomon to‘lovlaridan komissiya olishni to‘xtatishi shart edi, aks holda kunlik daromadining 5% miqdorida jarimaga tortiladi.