O‘zbekistonda “chiroyli” avtomobil raqami 800 mln so‘mdan ortiqqa sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
1-iyul kuni savdo platformasida 771 ta avtoraqam sotildi. Shundan 755 tasi jismoniy shaxslarga, qolgan 16 tasi esa yuridik shaxslarga tegishli. Avtoraqamning minimal narxi — 1,9 mln so‘m.
Shu kuni sotilgan eng qimmat avtoraqam qiymati 803,3 mln so‘mni tashkil etdi. Bitimni yakunlash uchun xaridor to‘lovni amalga oshirishi va IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida avtoraqamni rasmiylashtirishi kerak.
13-iyun kuni onlayn-auksionda narxi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgan “chiroyli” avtoraqam uchun savdolar yakunlandi. Xaridor — Toshkent viloyatidan bo‘lgan yuridik shaxs 10 777 ZZZ avtomobil raqami uchun 1,56 mlrd so‘m ($122,2 ming) taklif qildi, bu 187,5 mln so‘mlik boshlang‘ich narxdan 8,32 baravar yuqori. Savdolar 9 kun davom etdi.
Bungacha eng qimmat “chiroyli” avtoraqam 2024-yil 24-dekabrda sotilgan — 965,3 mln so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $74,77 ming). Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75% ga yuqoridir.
Avvalroq Spot birjada dollar kursi yana 12 600 so‘mdan pastga tushgani haqida yozgandi.