O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston Yevropaga “yashil” energetika koridori loyihasi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etdi. Bu haqda Ozarbayjon Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

1-iyul kuni Azerenerji," Qozog‘iston elektr tarmoqlari milliy operatori (KEGOC) va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” vakillari Bokuda faoliyat yuritadigan “Yashil yo‘lak ittifoqi” MCHJ qo‘shma korxonasini ta’sis etish va uning ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

O‘zbekiston tomonidan imzolash marosimida “Milliy elektr tarmoqlari” boshqaruvi investitsiyalar bo‘yicha vakili o‘rinbosari Feruz Qurbonov ishtirok etdi.

Tomonlar Buxarestda joylashgan Green Energy Corridor Power kompaniyasining bosh menejeri Farhod Mammadovni qo‘shma korxonaning bosh direktori etib tayinlashga kelishib oldilar.

Uning LinkedIn’dagi sahifasida keltirilishicha, Mammadov avval Ozarbayjonda Davlat dengiz ma’muriyati, SOCAR neft-gaz kompaniyasi va Energetika vazirligida rahbar lavozimlarida ishlagan. U xalqaro huquqiy masalalar, transchegaraviy tashabbuslar va infratuzilma loyihalariga rahbarlik qilgan.

“Yashil” energiya koridori

2023-yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berish loyihasini muhokama qildilar.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi bo‘ylab chuqur suv osti kabeli yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiyani sotish uchun biznes modelini ishlab chiqadilar.

2024-yilning avgust oyida mamlakatlar “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar, uning ofisi Bokuda joylashishi belgilandi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Spot"ga bergan intervyusida O‘zbekiston 2030-yilda Yevropaga 10−15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u TIAni ishlab chiqishga taxminan bir yarim yil kerak bo‘lishin va bu 2025-yil oxirigacha yakunlanishini ta’kidladi.

“Undan keyin ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha qurilishni boshlaymiz. Bunda uzunligi 2,5 ming km kabel bo‘ladi, juda qimmat HVDC bo‘ladi (Doimiy tokning yuqori voltli liniyasi — „Spot“ izohi). Qiymatni texnik-iqtisodiy asos belgilaydi, lekin $2 mlrddan ortiqni tashkil etadi”. — deya qo‘shimcha qilgandi Mamadaminov.

Spot muxbirining Yevropaga eksport qilinadigan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narx bozor yo‘li bilan belgilanishi, lekin bir kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yevropaga “yashil” elektr energiya eksporti mamlakat energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda amalga oshirilishini bildirdi. Loyiha doirasida Kaspiy dengizi tubidan, so‘ngra Ozarbayjon va Gruziya orqali, keyinroq Qora dengiz tubidan Ruminiyaga kabel yotqizish rejalashtirilgan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish uchun Italiyaning “CESI” kompaniyasi tanlangan. Hozirda kompaniya bilan TIA ishlab chiqilmoqda.

“Mazkur loyiha uchun Ustyurt hududida xorijiy investorlar ishtirokida elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, alohida generatsiya obyektlari quriladi”, — dedi u.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon prezidentlari Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida xalqaro shartnomani imzolagandi. Mart oyida esa Shavkat Mirziyoyev “yashil” energetikani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi.

Dekabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon magistral elektr tarmoqlari operatorlari energetika yo‘lagini yaratish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.