O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston Yevropaga yashil energiya eksport qilish bo‘yicha texnik shartlarni tayyorlashga, keyinchalik qo‘shma korxona tashkil etishga kelishdi. Bu haqda Qozog‘iston energetika vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.

Tegishli kelishuvga mazkur uchta mamlakat energetika va iqtisodiyot vazirlarining Bokuda o‘tkazilgan yig‘ilishida erishilgan. Tomonlar Ozarbayjon orqali Markaziy Osiyo davlatlaridan Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Ozarbayjon hamda Qozog‘iston o‘rtasida qo‘shma kommyunike imzolanib, unda mamlakatlarning qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi salohiyati va muqobil manbalardan olinadigan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish loyihasiga qo‘shilishga tayyorligi qayd etilgan.

Tomonlar qayta tiklanuvchan energiya manbalariga, shuningdek, yashil vodorod, yashil ammiakni ishlab chiqish va eksport qilish hamda tegishli infratuzilmani yaratishga e’tibor qaratgan holda energiya almashinuvi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha texnik topshiriqni ishlab chiqish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishdi.

“Ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnik shartlar asosida dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash bo‘yicha tender e’lon qilinadi. Ishtirokchilar loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma korxona yaratish istiqbollarini ham o‘rganishga kelishib oldilar”, — deya tushuntirdi Qozog‘iston Energetika vazirligi.

Uch mamlakat iqtisodiyot va energetika vazirlari darajasidagi navbatdagi uchrashuv O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadi.

Oktabr oyida hukumat qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlangandi.

Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.