Nissan AQShda dvigatel muammolari sababli 443 mingdan ortiq avtomobilini chaqirib olmoqda. Bu haqda Reuters AQSh Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasiga tayanib xabar bermoqda.

Amerika nazorat organi ma’lumotlariga ko‘ra, chaqirib olinayotgan avtomobillarning 1,2%ida nuqson mavjud.

Hammasi bo‘lib 443,9 ming avtomobil chaqirib olinmoqda. Ular orasida turli yillarda ishlab chiqarilgan Nissan Rogue, Altima, Infiniti QX50 va Infiniti QX55 modellari bor.

Nissan kompaniyasi ta’kidlaganidek, dvigatel nuqsoni uning shikastlanishiga yoki butunlay ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin, bu esa yo‘l-transport hodisasi xavfini oshiradi.

2025-yil 31-martda yakunlangan 2024-moliyaviy yil natijalariga ko‘ra, Nissan kompaniyasi $4,5 mlrd zarar ko‘rganligi haqida ma’lum qildi.

Kompaniya 2027-moliyaviy yilgacha mavjud 17 ta zavodning yettitasini yopishni va jami 20 ming nafar xodimini qisqartirishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq Spot General Motors AQShda 62 mingdan ortiq avtomobilini qaytarib olayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qaytarib olishga avtomobillarning tormoz tizimidagi muammolar sabab bo‘lgan.