26-iyun kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarni shaxsning roziligini ifodalaydigan va uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron usullar — Face-ID yoki barmoq izlari orqali tasdiqlash elektron raqamli imzoga tenglashtirildi.

Ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari hisobidan hisobga olish tartibi belgilandi. Ilgari qarzdorlik bo‘lmasa, mablag‘lar soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki undirilgan soliq turi bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga olinishi kerak edi.

Bunda boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar uchun hisobga olish soliq to‘lovchining yozma yoki elektron arizasiga ko‘ra soliq organlari tomonidan 3 kun ichida amalga oshiriladi. Bu ilgari 15 kun edi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida, shu jumladan baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari “Suv hisobi” axborot tizimi va vakolatli organlarning ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.

“Mahalla servis” kompaniyalari tomonidan mahallalarni obod qilish bilan bog‘liq ishlarni bajarish hamda mahalla aholisiga qonunchilik asosida ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlarni ko‘rsatishdan olingan mablag‘lar daromad sifatida hisobga olinmaydi. Shu bilan birga, bunday kompaniyalar mol-mulk va yer hamda ijtimoiy soliqlardan ozod qilinadi. Ularda ishlovchi xodimlar uchun esa daromad solig‘i hisoblanmaydi.

Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ularning erining (xotinining) ish haqi va boshqa daromadlari soliq solinmaydigan daromad turlari sifatida belgilandi. Mazkur soliq imtiyozi tegishli hujjatlar asosida beriladi.

Bundan tashqari, qonun bilan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov hamda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlaridagi charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari hamda ulardagi kompaniyalar yuridik shaxslardan olinadin mol-mulk, yer hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Bu imtiyoz 2025-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan muddatga amal qiladi.

Mazkur qonun loyihasi joriy yilning aprel oyida Senat tomonidan ma’qullangandi. Senator Erkin Gadoyev soliq hisobotlarini faqat elektron tarzda taqdim etish inson omilini qisqartirganiga qaramay, ularni elektron raqamli imzo (ERI) orqali tasdiqlash tartibi soliq to‘lovchilar xarajatlarining oshishiga olib kelayotganini ta’kidladi. Hozirda ERI berish uchun yuridik shaxslardan BHMning 10%i (37,5 ming so‘m), jismoniy shaxslardan esa 7% (26,25 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Avvalroq Spot 1-sentabrdan YTTlarga zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi haqida yozgandi. Qimmatbaho metallarga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi.