Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun 17 ta kompaniyani jarimaga tortdi.

Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan OAV, internet tarmoqlarida hamda tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan reklama materiallarining qonunchilik talablariga mosligi o‘rganildi. Natijada reklama materiallarida qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan korxonalar aniqlandi.

Bular qatoridagi quyidagi korxonalar bor:

  • Qoraqalpog‘iston — Voris Gaz Oil;
  • Xorazm viloyati — Ostona Asl Baraka;
  • Buxoro viloyati — Omad Bukhara Majmua;
  • Navoiy viloyati — Humoyunshox Hotel;
  • Samarqand viloyati — Nigina Ismatilloyevna;
  • Surxondaryo viloyati — Davr Bank Termiz shahar bank xizmatlari markazi;
  • Qashqadaryo viloyati — Infinbank Qashqadaryo filiali hamda Tengebank Qarshi BXM;
  • Jizzax viloyati — Aziz Osmon Servis;
  • Sirdaryo viloyati — Tire World;
  • Toshkent viloyati — GGM AND JEM, Idea Concept Group, Moon Travel;
  • Namangan viloyati — Umra Consalting Xizmati, Al-Safo Tour.

Maxsus komissiya tomonidan 17 ta korxonaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, ularga qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Sud Raqobat qo‘mitasining shaharlararo va shahar atrofida yo‘lovchi tashuvchi poyezdlar chiptalarining asossiz oshirilgan narxlari uchun kompensatsiya undirish to‘g‘risidagi qarorini o‘z kuchida qoldirgandi. O‘tgan yilning avgust oyida qo‘mita O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi va Shahar atrofida yo‘lovchi tashish kompaniyalariga moliyaviy jarima qo‘llagan.

Avvalroq Markaziy bank 17 ta bankni ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha talablarga rioya etmagani va hududlarda muammoli kreditlarni undirish rejalarini bajarmagani uchun sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirgani haqida xabar berilgandi. Tekshiruvlar davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun yana 13 ta bank jarimaga tortildi.