O‘zbekiston aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi harbiy vaziyat keskinlashgani sababli vaqtinchalik to‘xtatilgan Isroilga parvozlarni qayta boshlamoqda.
Qanot Sharq aviakompaniyasi 2-iyuldan boshlab Toshkent-Tel-Aviv yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni qayta tiklayotganini ma’lum qildi.
Air Samarkand aviakompaniyasi esa 6-iyuldan Samarqanddan Tel-Avivga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘ymoqda. Parvozlar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Tel-Avivga parvozlarni eng keyingi bo‘lib Centrum Air 31-iyuldan tiklaydi. Aviatashuvchi Isroilga haftasiga ikki marta uchishni rejalashtirmoqda.
Uzbekistan Airways1-iyuldan boshlab 16-iyundan 30-iyungacha to‘xtatilgan Toshkent-Tel-Aviv-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni qayta tikladi.
O‘shanda aviakompaniya o‘z qarorini Tel-Aviv xalqaro aeroportida havo hududidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bilan izohlagandi.
Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi haqida yozgandi.
Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudoyqulovning ta’kidlashicha, barcha charter reyslarni yangi havo bandardohiga ko‘chirish rejalashtirilgan.