10-iyuldan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunda joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratilgan subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismiga qabul amalga oshiriladi.
Arizalarni 10-iyul kuni soat 09:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn jo‘natish mumkin.
Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining (bunda yaqin qarindoshlar arizada ko‘rsatilgan hollarda) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,118 mln — 9,24 mln so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,118 mln — 10,626 mln so‘m).
Subsidiya uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida kamida 30 ball to‘plashi lozim. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar alohida tartib asosida baholanadi.
Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining nomida butun mamlakat bo‘ylab mulk huquqi asosida turar joy mavjud bo‘lmasligi kerak.
Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.
Subsidiyalar birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun amal qiladi, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga 30 mln so‘m ajratiladi. Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilangandi.
Yagona portal orqali onlayn ariza topshirishda hech qanday hujjat talab etilmaydi va arizachi haqidagi ma’lumotlar portalda avtomatik ravishda shakllanadi. Birinchi qadamda ariza yuboruvchi tanlanadi. Agar nomzod o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, “arizachining o‘zi” toifasini tanlashi kerak.
Spot subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi. Ularni havola orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq ziplayn va kanat parklari tashkil etuvchilarga subsidiyalar ajratilishi haqida xabar berilgandi. Subsidiya miqdori kanat parkini tashkil etish uchun 80 mln so‘m, ziplaynlar uchun esa 100 mln so‘mni tashkil etadi. Qurilmalar joylashuv va o‘lcham mezonlariga javob berishi kerak.