15-maydan ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi.

Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Buning uchun qidiruv tizimiga “ipoteka krediti” kalit so‘zlarini kiritish zarur.

Undan so‘ng kerakli sahifa paydo bo‘ladi. “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali esa ariza topshirish jarayoni boshlanadi.

Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi va arizachi haqidagi ma’lumotlar portalda avtomatik ravishda shakllanadi.

Birinchi qadamda ariza yuboruvchi tanlanadi. Agar nomzod o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, “arizachining o‘zi” toifasini tanlashi kerak.


Arizachining oila a’zolari xorijda ishlayotgan mehnat migrantlari nomidan subsidiyaga ariza jo‘natmoqchi bo‘lganda esa, undan keyingi ustun tanlanadi.

Migrantlar nomidan ariza jo‘natishda vakilning JSHSHIRi, telefon raqami, subsidiya oluvchiga aloqadorligi hamda notarial tasdiqlangan ishonchnoma so‘raladi.

Keyingi qadamda arizachi haqidagi ma’lumotlar shakllanadi. Ulardan ayrimlarini to‘ldirish kerak: arizachining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududi va oilaviy holati.

Oxirgi qadamda ijtimoiy mezonlarga muvofiqlikni belgilash zarur. Agar ariza beruvchi quyidagi toifalardan biriga kirsa, unga belgi qo‘yishi kerak:

  • og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan hamda yolg‘iz ayollar;
  • migratsiya dasturida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar;
  • olis hududlardagi tashkilotlarga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan mutaxassislar yoki tibbiyot xodimlari;
  • professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi o‘qituvchilari;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspertiza elektron axborot tizimiga kiritilganlar.

Bundan tashqari, agar harbiylashtirilgan organlarga aloqadorlik mavjud bo‘lsa “ha”, aksi bo‘lganda esa “yo‘q” degan belgini tanlash zarur.

Yuborish tugmasini bosish orqali arizalar jo‘natiladi. Ularni ko‘rib chiqish muddati 19 kunni tashkil etadi.

Ipoteka sertifikatining amal qilish muddati — 4 oy. Agar undan o‘z vaqtida foydalanilmasa, ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun qayta ariza berish mumkin bo‘ladi. Joriy yilgi dasturda arizalar 1-noyabrgacha qabul qilinadi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


2024-yil uchun mamlakat bo‘yicha 27 mingta subsidiya ajratilishi belgilangan. Shundan 20 mingta subsidiya yangi uy-joy sotib olish, 7 mingtasi esa uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga ajratiladi.

Subsidiyalar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15%i miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12%dan oshgan qismiga to‘lanadi.

Boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplashga subsidiyalar joriy yildan boshlab 30 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq “Spot” yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklashga arizani qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.