30-iyun kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Joriy yilning 1-iyulidan yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ikki bosqich — litsenziyalash asosida tashkil qilish hamda ta’lim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar uchun o‘qishga qabulni amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
OTMlarni litsenziyalashning qo‘shimcha sharti sifatida talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasini hukumatga taqdim etish belgilandi.
Konsepsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:
- ta’lim tashkilotining nomi;
- maqomi;
- boshqaruv tizimi va kadrlari;
- asosiy ta’lim va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari;
- qabul parametrlari;
- ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari;
- to‘lov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
- ta’lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik strategik rejasi;
- ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.
Talabgor nodavlat OTMning ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq moddiy-texnik baza, dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondini kamida $2 mln ekvivalenti miqdorida shakllantiradi. Talabalar sonining ko‘payib borishi bilan esa uning miqdori oshirib boriladi.
Shu bilan birga, $350 ming ekvivalentidagi mablag‘lar banklarga depozit sifatida joylashtirilishi kerak.
Tashkil etilayotgan OTMning ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv.metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi talab etilmaydi, kamida 5 yilgacha tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash mumkin.
Oliy ta’lim tashkiloti dastlabki 5 yil davomida yillik sof foydasining kamida 80%i, keyingi yillarda esa kamida 50%ini asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiradi.
Xususiy OTMlar joriy yilning 1-oktabrigacha o‘qishga qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqni HEMISda ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach — oktabr oyidan boshlab kuchga kiradi. Bungacha litsenziya olgan tadbirkorlar esa 2026-yilgacha o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga qabul tugatildi. Spot soha mutaxassislarining mazkur tartibga nisbatan munosabatiga qiziqib, ular bilan suhbatlashdi.