Fransiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov Parijda o‘g‘irlab ketilgan va to‘lov evaziga ozod qilingan.
Spot’ning bank sohasidagi manbasi bu haqdagi ma’lumotni tasdiqladi. Bundan tashqari, Olimovning o‘g‘irlanishi Anorbank faoliyati bilan bog‘liq emasligi Spot’ga ma’lum bo‘ldi.
Le Monde nashrining yozishicha, 23-iyun kuni o‘zbekistonlik bankir Parij shahrining 8-tumani — Fransiya poytaxtining markaziy ishbilarmonlik hududida o‘g‘irlab ketilgan. Ikki kundan keyin esa ozod etilgan.
25-iyun kuni Parij mehmonxonasida bankirni ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor uning tanasida ko‘plab yara va jarohatlarni aniqlagan. Qahramonjon Olimov asosan “haddan tashqari sergaklik, uyquga ketishda qiyinchilik va tun o‘rtasida to‘satdan uyg‘onib ketish” holatlaridan shikoyat qilgan.
Le Monde bankirning o‘g‘irlanishini “Parijning go‘zal mavzelarida odatiy o‘g‘irlik, Nitsadagi villa yerto‘lasidagi yashirin tutqunlik, kaltaklash va tahdidlar, qotillikni sahnalashtirish”, deb ta’riflaydi.
Qahramonjon Olimov raqamli Anorbank’ning majoritar aksiyadori bo‘lib, 99,4% ulushga egalik qiladi. Yana 0,6%i Kapital Sug‘urta kompaniyasiga tegishli.
U 1977-yilda tug‘ilgan. 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini “Moliya va kredit” mutaxassisligi bo‘yicha, 2012-yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini bitirib, biznes boshqaruvi magistri darajasini olgan. Shuningdek, Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki fuqarolarning roziligisiz qarzlar hisobiga ijtimoiy nafaqalarni hisobdan chiqarishni taqiqlagani haqida xabar berilgandi.