Bokuda Made in Uzbekistan brendi ostida doimiy shourum ish boshladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Majmuaning ochilish marosimi 1-iyul kuni vazirlik rahbari o‘rinbosari Xurram Teshaboyev va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Samad Bashirli ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Shourum Turk savdo markazi savdo uyida joylashgan bo‘lib, 1500 kvadrat metr maydonni egallaydi.

Bu yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari, elektrotexnika mahsulotlari, mebellar, to‘qimachilik va charm buyumlari namoyish etilmoqda.

Shuningdek, O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasi Okuglu Holding kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Hujjatga ko‘ra, yil yakunigacha Ozarbayjonga 1 mln kvadrat metr kafel va keramogranit yetkazib berish rejalashtirilgan.

Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston kompaniyalari ozarbayjonlik hamkorlar bilan yana bir nechta ikki tomonlama hujjatlarni imzoladilar.

Xususan, Panamilk va Jizzax Organic kompaniyalari Atena va Milla Dairy bilan sut mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Havas do‘konlar tarmog‘ini boshqaruvchi Havas Holding guruhi RJ Chemical Co. bilan maishiy kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Bundan tashqari, O‘zeltexsanoat va STP Global Cable yuqori kuchlanishli kabellarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish haqida kelishib oldilar.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Ozarbayjon kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik qilishga kelishib olgani haqida yozgandi.

Tomonlar 2030-yilga borib tovar ayirboshlashni $1 mlrdga yetkazish maqsadida sanoat kooperatsiyasi va savdoni rivojlantirish dasturlarini imzoladilar.