Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashkilotning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari — 2035” konsepsiyasini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Unda an’anaviy yo‘nalishlar bilan birga, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratish zarurligi aytildi. Tovarlar va xizmatlar savdosini soddalashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, elektron tijoratni rivojlantirish masalalari dolzarb bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.

Strategik masalalarni muhokama qilish va Savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish uchun joriy yilda Toshkent shahrida savdo vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish taklif qilindi.

Davlat rahbari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha tezkor axborot almashish va ularni to‘siqsiz yetkazib berish uchun “yashil yo‘laklar” tizimini yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, shaffof va jozibador investitsiya muhitini shakllantirish uchun uzoq muddatli “Ekoinvest” dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi. U mintaqadagi istiqbolli loyihalarga xususiy investorlar, banklar va xalqaro moliya institutlarini jalb etishga qaratiladi.

Hozirgi geosiyosiy sharoitda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish strategik ustuvor vazifa ekanligi, Transafg‘on yo‘lagiga tutashtirilishi mumkin bo‘lgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi keng mintaqadagi tranzit tarmoqlarini samarali bog‘lash imkonini berishi qayd etildi.

Davlat rahbari transport-logistika sohasini raqamlashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etishni tezlashtirish taklifini ilgari surdi.

“Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovatsion hamkorlik shakllarini yo‘lga qo‘yish, turizm va aviatsiya sohalari o‘rtasida marketing bo‘yicha integratsiyalashgan strategiyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifalardan biridir”, — dedi prezident.

Shu masalalarni muhokama qilish uchun joriy yilda Samarqandda Milliy aviakompaniyalar forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Sayyohlar oqimini ikki barobar oshirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi. Tashkilot doirasida turizm xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi bunga xizmat qilishi kutilmoqda.

Prezident global iqlim kun tartibidagi masalalarda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini qayd etib, cho‘l hududlarida o‘rmonlar tashkil qilish va rekreatsiya zonalarini barpo etish bo‘yicha Transchegaraviy “yashil dastur” ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Avvalroq O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston Yevropaga yashil energiya koridori doirasida qo‘shma korxona tuzgani haqida xabar berilgandi. Bokuda joylashgan kompaniyaning bosh direktori Ozarbayjon Energetika vazirligi va SOCAR kompaniyasining sobiq xodimi Farhod Mammadov bo‘ldi.