Avvalroq prezident orfan kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash, farmatsevtika sohasidagi islohotlarning ijrosi hamda yangi loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbariga aholini sifatli, xavfsiz va samarador dori vositalari bilan ta‘minlash maqsadida dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartibi taqdimot qilindi.
Unga ko‘ra, dori vositalarini texnologiyalar transferi orqali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning quvvatlaridan foydalangan holda ishlab chiqarish va tezlashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoni yaratiladi.
Yangi biotibbiy hujayra mahsulotlari tibbiyot amaliyotiga joriy etiladi. Ular shikastlangan to‘qimalarni davolash, a‘zolar qismlarini o‘stirish va organizm funksiyalarini tiklashda qo‘llaniladi.



“Djenerik” dori vositalarining klinik sinovlarini o‘tkazish va natijalarini baholash xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari qisqartiriladi.
Endilikda xavfsizlik klassifikatsiyasi bo‘yicha 1-sinfga mansub tibbiy jihozlar laboratoriya sinovlaridan (steril, o‘lchov vositali va invaziv tibbiy jihozlar bundan mustasno) va klinik tadqiqotlardan o‘tkazilmaydi.
Prezident 2025-yil yakunigacha $166 millionlik 32 ta investitsiya loyihasini to‘liq ishga tushirish va 1500 ta yangi ish o‘rni yaratish topshirig‘ini berdi.
Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish va eksportni oshirish hamda retseptli dorilar narxini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda referent narxlarni tartibga solish orqali 2,6 ming turdagi dorilar 50% gacha arzonlashishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.



