Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev xizmat ko‘rsatish sohasida soliq yukining yuqoriligi biznesni soyaga tortayotganini aytdi. Bu haqda u 5-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan mehmonxona sohasi va auditorlik tashkilotlari vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda qayd etdi.
Qo‘mita rahbari soliq maslahatchilaridan yillik daromadi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalar uchun 4% lik aylanmadan olinadigan soliq kerak yoki kerak emasligini so‘radi. Tasdiqlovchi javobni eshitib, u kichik biznes “normal” soliqni xohlashini, davlatga esa ma’muriyatchilikda bir xillik muhimligini ta’kidladi.
“Biz tibbiy xizmatlar soyada qolayotganini kuzata boshladik. Sababi — [xizmat ko‘rsatish sohasida] soliq yuki katta. Soliq ma’muriyatchiligi va siyosatini qoniqtiradigan, shuningdek, budjet daromadlari tushib ketmasligi, ammo biznesga soliq yuki kamayishi uchun boshqa soliq mexanizmini o‘ylab topish kerak”, — dedi Sherzod Qudbiyev.
Uning aytishicha, hozirda xizmat ko‘rsatish sohasini soliqqa tortishning ko‘plab modellari ko‘rib chiqilmoqda, biroq u bularni ochiqlashni istamadi. Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy soliq tushumlarini saqlab qolgan holda “ayrim yuridik shaxslar” uchun soliq yukini kamaytirish niyatida. “Bu bir-birini inkor etuvchi vazifalar bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo biz bu masala ustida ishlayapmiz”, — dedi rasmiy
Qudbiyev yaqin kunlarda soliq tizimida o‘zgarishlar bo‘lishini ma’lum qildi. Ushbu o‘zgarishlarni ishlab chiqishda Xalqaro valyuta jamg‘armasining takliflari ham inobatga olingan.
“Bizda beshta soliqqa tortish tizimi mavjud. Bilasizmi, bu soliq xodimlari uchun [ma'muriyatchilik nuqtai nazaridan] qanchalik og‘ir”, — dedi u.
2024-yil 20-dekabrda Meros Pharm farmatsevtika kompaniyasi direktori Suhrob Po‘latov dorixonalar uchun yagona soliq tizimini joriy etishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, QQS to‘lashga o‘tish chegarasidan voz kechish narxlarni shakllantirishda yagona yondashuvni ta’minlaydi.
Shavkat Mirziyoyev bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. “Raqobatga hamma tayyor bo‘lishi kerak. Agar ikkita stavka qo‘yilsa, hech qachon raqobat bo‘lmaydi”, — dedi davlat rahbari.
Soliq qo‘mitasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda dorixonalar ishtirokida masalani o‘rganish topshirildi. Soliqlarni tartibga solish soha rivojini ta’minlaydi, dedi prezident.
2025-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini sotish yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi barcha yuridik shaxslar daromadlaridan qat’i nazar QQS to‘lashni boshladilar.
Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha Lactalis’ning 5,4 mlrd so‘mlik jarimasini bekor qilgani haqida yozgandi.