Minsk traktor zavodi (MTZ) 2025-yil oxirigacha O‘zbekistonga 3 mingdan ortiq traktor va traktor to‘plamlarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Belarusning Belta axborot agentligi MTZ-Xolding matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

“Bu yil biz O‘zbekistonda keng ko‘lamli loyihani amalga oshirishga kirishdik. Nurafshon shahrida quvvati 80 dan 212 ot kuchigacha bo‘lgan BELARUS traktorlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma yig‘ish korxonasi tashkil etildi. O‘zbekistonga traktor komplektlarining birinchi jo‘natmalari allaqachon boshlangan”, — dedi MTZ vakili Mixail Vardugin.

MTZ MDH mamlakatlarida BELARUS texnikasini yig‘ish bo‘yicha yettita ishlab chiqarish korxonasiga ega: Qozog‘istonda uchtasi, Rossiya, Tojikiston, Ozarbayjon va O‘zbekistonda bittadan joylashgan.

2024-yil fevral oyida MTZ O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi traktorlarini yig‘ish korxonasini tashkil etish niyatida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, MTZ va Planeta Servis o‘rtasida Belarus qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha litsenziya shartnomalari imzolandi. Kelajakda mamlakatda traktorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning fevralida Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga O‘zbekistonda BelAZ konchilik uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni taklif qilgandi. Aprelga kelib, kompaniya O‘zbekistonda maxsus texnikalarni ishlab chiqarish uchun yig‘ish maydonchasi qurilishini boshlashni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiyaning Transmashxolding kompaniyasi harakat tarkibini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.