Farg‘ona viloyatidan yetishtirilgan mevalar Yevropaga eksport qilinishi haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘tgan hafta Beshagro Export kompaniyasi Polsha kompaniyasi bilan $10 mln miqdorida quritilgan mevalarni yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzoladi.
Shuningdek, tomonlar Beshariq tumanida $15 mln sarflab, meva qayta ishlash zavodini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Berlinda tadbirkorlik doiralari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda Stein & Partners Rechtsanwälte mbB, Waltech Maschinenbau va boshqa kompaniyalar vakillari, shuningdek, Turkiyaning MÜSIAD uyushmasi Germaniya bo‘limi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Shisha mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi Waltech Maschinenbau kompaniyasi bilan shisha zavodi qurish loyihasi muhokama qilindi. Kompaniya direktori Peter Rayx iyul oyi oxirigacha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun o‘z vakillarini Farg‘onaga yuborishga va’da berdi.
Hokim Bozorov va Munich Carpet Manufactory rahbari Martin Grebener Yevropaga eksport qilish maqsadida zamonaviy texnologiyalar asosida gilam ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Bundan tashqari, Farg‘ona delegatsiyasi qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlar imzoladi.
Simson Private Akademie kompaniyasi boshlig‘i Maks Roymshyussel mehmonlar bilan Germaniya mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash masalasini muhokama qildi.
Kompaniya ishtirokida Farg‘onada kasb-hunar o‘qitish markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu markazning bitiruvchilari Germaniyada ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar GfM Group direktori Mattias Freyling bilan Germaniyada talab yuqori bo‘lgan kasblarga yoshlarni tayyorlash masalasi bo‘yicha muzokaralar olib bordilar. Kompaniya Farg‘onadagi “Wegweiser” o‘quv markazi bilan chet elda kasbiy ta’lim va ishga joylashish masalalari yuzasidan kelishuv imzoladi.
Avvalroq Spot Farg‘onada qiymati $120 mlnlik metallga ishlov berish zavodini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Toshloq tumanidagi loyihaning birinchi bosqichi joriy yilning oktabr oyida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.