5−6 iyul kunlari aviaqatnovlardagi uzilishlar Rossiya aviakompaniyalarga jiddiy moliyaviy zarba berdi. Bu haqda Inc nashri xabar berdi.
Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun ichida Sheremetevo, Pulkovo va Striginoga (Nijniy Novgorod) 600 dan ortiq reys bekor qilingan, 400 ga yaqin reys kechiktirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tarmoqning umumiy yo‘qotishlari 20 mlrd rublni (tahminan $250 mlndan ortiq) tashkil etishi mumkin.
Inqirozning birinchi kunidayoq uchta asosiy aeroport — Sheremetevo, Pulkovo va Nijniy Novgorod (Strigino)da parvozlarni bekor qilish tashuvchilarga 4 mlrddan 6 mlrd rublgacha tushdi.
Aviakompaniyalarning moliyaviy yo‘qotishlari bir nechta omillardan iborat. Bitta standart reysni, masalan, Boeing 737'ni bekor qilish 15−23 mln rubl zarar keltiradi.
Samolyot zaxira aeroportiga uchishga majbur bo‘lganda, bu har to‘rt soatlik kutish uchun yana 1,5−2 mln xarajat qo‘shadi. Oddiy reysning 15 daqiqadan ko‘proq kechikishi ham aviakompaniyaga taxminan 1,5 mln rublga tushadi.
Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar may oyidagi shunga o‘xshash uzilishlarga nisbatan kamroq shikoyat bildirgan. Ammo ko‘pchilik turli qiyinchiliklarga duch kelgan.
Masalan, aviakompaniya vakillarini topa olishmadi, ovqatlanish va mehmonxona bilan ta’minlash haqida o‘z vaqtida ma’lumot olisha olmaganlar.
Shu bilan birga, shikoyatlar sonining kamayishi dam olish kunlari aeroportlardagi mobil aloqa tarmoqlarining beqaror ishlashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Butunrossiya yo‘lovchilar uyushmasi raisi Ilya Zotovning fikricha, tartibga soluvchi organlar bunday vaziyatlar uchun aniq yo‘riqnoma ishlab chiqishlari kerak.
Ushbu yo‘riqnomada chiptalarni, jumladan qaytarilmaydigan tariflar bo‘yicha ham, avtomatlashtirilgan tarzda qaytarish mexanizmi batafsil bayon etilishi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aniq talablar belgilanishi kerak.
Aviatsiya muammolari turizm sohasi ham ta’sir qildi. Garchi turlar ommaviy ravishda bekor qilinmagan bo‘lsa-da, turoperatorlar qo‘shimcha xarajatlarga duch kelishdi.
Ular aviakompaniyalar uddalay olmagan holatlarda yo‘lovchilarni o‘z hisoblaridan mehmonxonalarga joylashtirdilar, shuningdek turlar va mehmonxonalarni qayta band qilish bilan shug‘ullandilar.