2025-yilda Toshkentda issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun narxlarni bir marta oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda 8-iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Issiqlikta’minoti boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, Toshkent issiqlik markazi joriy yilning 13-iyunidan boshlab poytaxt issiqlik ta’minoti tizimi operatori Veolia Energy Tashkent uchun issiqlik energiyasining ulgurji narxini oshirdi. Aholi uchun esa hozirda tariflar ko‘rib chiqilmoqda.

Kompaniya raisi o‘rinbosari Alijon Hikmatovning qo‘shimcha qilishicha, tabiiy omillar, jumladan, elektr energiyasi, gaz va suv ta’minoti narxlari oshirilishi bilan issiqlik energiyasi uchun ham yangi tariflar joriy etilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, hududiy korxonalar tomonidan tariflarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, viloyatlar moliya boshqarmalariga taqdim etilgan. Tahlil natijalari asosida hujjat xalq deputatlari viloyat kengashlariga kiritiladi.

issiqlik ta’minoti, issiqlikta'minoti, narxlar, tariflar

“Tariflar qanday o‘zgarishi endilikda ko‘rib chiqiladi, chunki iqtisod qilinadigan mablag‘lar bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, yangi texnologiyalar joriy etilishi bilan tannarxni pasaytirish maqsadida ishlab chiqiladigan chora-tadbirlarimiz ham bor. Bular inobatga olinadi”, — dedi Hikmatov.

Issiqlikta’minoti boshqaruvi raisi o‘rinbosari issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun tariflar belgilanganini, ularni ko‘rib chiqishda aholi fikr-mulohazalari inobatga olinishini ta’kidladi.

Kompaniya boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev poyaxtda tariflarni bir yilda ikki marotaba oshirish borasidagi rejalarga to‘xtalib, hozirda bu ko‘rib chiqilmayotganini qayd etdi. Lekin yangi narxlar xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga kiritilgan.

“Tariflar yil oxirigacha ikki marta oshmasligi aniq. Chunki, elektr energiyasi, gaz, sovuq suv hamda ulgurji issiqlik energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqildi. Shundan kelib chiqib, poytaxt kengashining faqat bitta qarori qabul qilinib, narxlar bir marta oshiriladi. Yangi tariflarni belgilash oralig‘i olti oyni tashkil etadi. Agar dastlabki olti oyda narxlar oshmagan bo‘lsa, keyingi yarim yilda tariflar ikki marta oshirilmaydi”, — dedi To‘rayev.

issiqlik ta’minoti, issiqlikta'minoti, narxlar, tariflar

2024-yil dekabr oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayev Toshkentda isitish va issiq suv tariflarini bahorda oshirish rejalarini e’lon qilgandi. Hududlarda narxlarni ikki marta 15% dan indeksatsiya qilish rejalashtirilgan.

Senat yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jashid Qo‘chqorov 2025-yilda Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tariflarini ikki baravar oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bozor va tariflar o‘rtasidagi farq juda katta, narxlarni tartibga solish esa mushkul.

Avvalroq Qurilish vazirligi Sergeli City turar-joy majmuasi qurilishini qoidabuzarliklar tufayli to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.