2025-yilning yanvar-may oylari davomida O‘zbekiston 1,7 ming tonna limon eksport qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,6%ga yuqori.
Sitrus mevalarni chet ellarga sotishdan olingan umumiy daromad $2,8 mlnni tashkil etdi. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, limonning asosiy qismi Rossiyaga jo‘natilgan bo‘lib, u 10 ming tonnadan ortiqni tashkil etdi. Qozog‘iston 600 tonnadan ziyod, Qirg‘iziston esa 81 tonna limon sotib oldi. Qolgan 5 tonna boshqa mamlakatlarga eksport qilindi.
Iyun oyida limon O‘zbekiston bozorida limon narxi keskin oshib, mutlaq rekord o‘rnatdi va 65%ga qimmatlashdi. Bundan tashqari, limonning hozirgi narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 barobar yuqori.
2025-yil 12−13-iyun holatiga ko‘ra, poytaxtdagi yirik supermarketlarda yangi limonning eng arzon chakana narxi bir kilogrammi uchun 53 ming so‘m ($4,19)ni tashkil etdi.
Atigi bir oy oldin xuddi shu mahsulotning bir kilogrammi 32 ming so‘m ($2,48) narxda sotilgan edi. Bir yil avval esa, ya’ni 2024-yil iyun oyida, limon narxi 17 ming so‘m ($1,35) bo‘lgan.
Hozirgi kunda bozorda import mahsulotlari ustuvorlik qilayotgani bois, limon narxi O‘zbekistondan tashqarida shakllanmoqda. Bu borada asosiy omil limonning eng yirik eksportchisi hisoblangan Turkiyadagi vaziyatdir.
Mazkur mamlakat 2024/2025 yilgi mavsumda noqulay ob-havo sharoitlari tufayli hosilning keskin kamayishi va mahsulot sifatining yomonlashuviga duch keldi.
Aprel oyi boshida Turkiya hukumati ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsadida limon eksportini taqiqlash haqida e’lon qildi, keyin bu qarorni bekor qildi.
Shunday bo‘lsa-da, jahon bozori narxlarning keskin ko‘tarilishi bilan javob berdi: 2025-yil may oyining boshiga kelib, Turkiyada limon narxi bir kilogramm uchun 60 turk lirasiga ($1,56) yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3−4 baravar yuqori edi.