Renovatsiya dasturiga kiritilgan eskir uylarda yashovchi aholi investorlardan yuqori narx so‘ramoqda. Bu haqda 8-iyul kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosari joriy yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

“Ikki qavatli eskirgan uylarda yashovchi aholi o‘z uylarining narxini qimmat baholashmoqda. Investorlar aholi bilan narxlarni kelishishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Shuning hisobiga [loyiha kechikmoqda]”, — dedi Ozoda Jo‘rayeva Spot bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan fuqarolar va davlat manfaatlarini hisobga olgan holda chuqur tahlil qilinmoqda.

Aprel oyida prezidentga “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdim etilib, unda bu kabi dasturlarni 3 bosqichda amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Bu renovatsiyaga mos hududni tanlash, qurilish tashkilotini aniqlash hamda uy-joylar qurilishini nazarda tutadi. Tashabbuskorlar mulkdorlarga yangi uy-joy yoki kompensatsiya berishi kerak bo‘ladi.

Dastlabki boshqichda renovatsiya bo‘yicha bir nechta pilot loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun fuqarolar va hokimliklar ishtirokida direksiya tashkil etiladi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov qonun loyihasi ishlab chiqilgungacha uy-joylarni renovatsiya qilish sohasida “huquqiy bo‘shliq” bo‘lgani, loyihalarni kelishish bo‘yicha aholi, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelganini ta’kidladi.

Renovatsiya

2024-yilning fevral oyi oxirida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qildi.

Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.

Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.

Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda poytaxt hokimi Toshkentning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi qarorni imzoladi.

Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari ushbu qarorni tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishib, unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari farmoni bilan 1-martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilangan. Xususan, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.

Avvalroq 2030-yilgacha O‘zbekistonda issiqlik ta’minotini subsidiyalashdan to‘liq voz kechilishi haqida xabar berilgandi.