Avvalroq joriy yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.

Hujjat bilan, aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Uy-joylar qurish uchun zarur bo‘lgan 1 200ta yer uchastkasi elektron onlayn auksionga chiqariladi.

Bunda Toshkentda 140ta, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarida 110tadan, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida 95tadan, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 90tadan, Navoiyda 60ta, Qoraqalpog‘istonda 45ta, Jizzaxda 30ta hamda Sirdaryoda 25ta yer uchastkasini savdoga chiqarish belgilandi.

Birlamchi uy-joy bozoridagi talabni qondirish uchun Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda 20 gektardan, Toshkent shahrida esa 60 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari aniqlanadi.

Keyinchalik mazkur aniqlangan yerlar ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

Uy-joylarni renovatsiya qilish bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda undan keyin “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish va hukumatga kiritish belgilanmoqda.

Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Hozir mazkur hududda xitoylik investorlar 1960-yillarda qurilgan 568 xonadonli 42ta ikki qavatli uylar o‘rniga 3200 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurishni rejalashtirmoqda.

Bunda iyun oyigacha hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlarni tanlab, manzilli dasturni tasdiqlash topshirilgan.

Iyulgacha esa har bir hududda tajriba-sinov tarzida bittadan renovatsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Joriy yilning mart oyida prezident mutasaddilarga qurilish tannarxini pasaytirish va uylar sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Taklifni ko‘paytirish maqsadida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga qo‘shimcha yerlar auksionga chiqariladi.

Poytaxtda tadbirkorlarning investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtirishga qaratiligan “Toshkent invest kompaniyasi” tashkil etilgan. U bo‘sh yer uchastkalari negizida investitsiya loyihalari va DXSh, jumladan, renovatsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Yil boshida Toshkentda renovatsiya loyihalari tartibi, “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartibi tasdiqlanishi ma’lum bo‘lgandi.