Avvalroq 12-mart kuni Shavkat Mirziyoyev joriy yilda uy-joylar hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari ko‘p qavatli uy-joylarni qurishga qo‘shimcha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni auksionga chiqarishni topshirdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida ma’lum qilindi.

Qurilish vaziri Botir Zokirovga viloyat hokimlari bilan birga ikki hafta ichida qurilish tannarxini pasaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi berildi. Narxlar oshishining oldini olish uchun bozorda taklifni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimlariga ikki haftada ko‘p qavatli uy-joylar qurish maqsadida qo‘shimcha 20 gektardan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni aniqlab, ikki oyda auksionga chiqarish sharti qo‘yildi.

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovga esa poytaxtda 60 gektar noqishloq yerlarni aniqlab, auksionga chiqarish topshirildi.

Bundan tashqari, Toshkent hokimi joriy yilda 20 mingga yaqin xonadon qurilishi yakulanishi yuklatilganini qayd etdi. Shundan, 25−30%i “arzon” uylarni tashkil etishi kerak.

Uylarni aholi xarid qilishlari uchun ipoteka kreditlari ajratiladi. Banklarga uning shaffofligini ta’minlash topshirildi.

Avvalroq xitoylik investorlar Shayxontohurdagi renovatsiya loyihasiga $360 mln sarmoya kiritishi ma’lum qilingandi. Loyiha doirasida 1960-yillarda qurilgan 42ta ikki qavatli uylar o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.