12-mart kuni Shavkat Mirziyoyev joriy yilda uy-joylar hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘tgan yili mamlakat bo‘yicha 85 mingta yoki 2022-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p xonadon qurildi. Aholiga 17 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi.

Joriy yilgi dastur doirasida 100 mingta uy-joy qurish rejalashtirilgan. Ipotekani moliyalashtirishga barcha manbalardan 22,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Ipoteka kreditlari uchun qariyb 10 trln so‘m, daromadi yuqori bo‘lmagan 20 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovini qoplash uchun esa 2,3 trln so‘m beriladi.

Yangi uylarning sotuv narxi va sifatiga e’tibor qaratilib, nomutanosibliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga qurilish tannarxini pasaytirish va uylar sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Taklifni ko‘paytirish uchun ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga qo‘shimcha yerlar auksionga chiqarilishi belgilandi.

Pudrat tashkilotlarining aylanma mablag‘ini ko‘paytirish uchun 500 mlrd so‘m resurs yo‘naltiriladi. Bunda yillik 16% stavkada 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oyga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Banklar ham o‘z mablag‘larini kiritadi.

Endi 5 qavatli uylarni qurishga kamida “qoniqarli” va 9 qavatli uylarga “o‘rta qoniqarli” reytingiga ega bo‘lgan pudratchilar jalb qilinadi. Natijada, qo‘shimcha 2 mingga yaqin pudratchiga imkoniyat yaratiladi.

Turar joylar qurilishida “yashil” standart joriy qilinadi. Bunda quriladigan uy uchun pudratchilarga kreditlar bir foiz past, ya’ni yillik 15% stavkada beriladi.

Pudratchilarga kreditlar bo‘yicha kafillik berish va foiz xarajatini qisman qoplashga Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan 200 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Uy qurilishi uchun maxsus texnikalar importi bo‘yicha berilgan bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Bundan buyon ipoteka kreditlari bo‘yicha garovga olinadigan uyni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi.

Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga o‘z hovlisida uy qurish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka krediti ajratiladi. Bunda mablag‘lar “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida taqdim etilib, kreditning 15%i va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6%gacha bandi budjetdan qoplanadi.

Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining kredit portfeli uch yilda 3 trln so‘mdan oshdi. Uning ustav kapitalini $100 mlnga yetkazish va xorijiy mablag‘lar jalb etishni kengaytirish vazifasi belgilandi.

Hududlarda 38ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi boshlangan. Joriy yilda yana 17ta massiv bunyod etish belgilangan. Ayrim joylarda kechikish holatlari bor. Masalan, Surxondaryo, Andijon, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida qurilish ishlari ortda qolayotgani ta’kidlandi.

Har bir massiv kesimida manzilli ro‘yxatni tasdiqlab, qurilish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Davlat rahbari bunda asosiy talablar — sifat, muddat va tannarx ekanini ta’kidladi.

Ayrim noinsof quruvchilar xaridorlar ishonchini suiiste’mol qilishidan kelib chiqib, ulushdorlik asosida uy-joy barpo etishda aholini himoya qilish tizimini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yer auksionida qatnashadigan qurilish va pudrat tashkilotlarining moliyaviy salohiyatiga minimal talablar joriy qilinadi.

Ba’zi hududlardagi eski uylar renovatsiya asosida yangilanib, odamlarga yangi sharoitlar yaratiladi.

Avvalroq joriy yilning 1-iyulidan sug‘urta polisi bo‘lmagan qurilishlarni davlat tomonidan moliyalashtirish taqiqlanishi belgilangandi. Bunda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi to‘liq qurilish davri uchun olingan bo‘lishi zarur.