O‘zbekistonda 2030-yilgacha isitish va issiq suv uchun subsidiyalarni butunlay bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 8-iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Issiqlikta’minoti boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatlarda issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun aholiga pasaytirilgan tariflar qo‘llaniladi. Amaldagi narx va bozor qiymati o‘rtasidagi farq budjet subsidiyalari hisobidan qoplanadi.
“Sohani rivojlantirish uchun biz, [issiqlik ta’minoti] subsidiyalardan ozod bo‘lishimiz kerak. Lekin buni bir vaqtning o‘zida amalga oshirish qiyin. 2030-yilgacha bosqichma-bosqich subsidiyalashdan voz kechamiz. Buning uchun esa yiliga ikki marta [tariflarni qayta] ko‘rib chiqishimiz kerak. Buni bir marta oshirish ham mumkin, lekin aholiga og‘irligi tushishi mumkin”, — dedi Issiqlikta’minoti rahbari.
Ilhom To‘rayev issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini yiliga bir marotaba oshirish budjet tashkilotlariga ta’sir qilmasligi mumkinligini, lekin subsidiya foizlari fuqarolar uchun yuklamani oshirishini qayd etdi. Buning oldini olish uchun tariflar yiliga bir yoki ikki marta qayta ko‘rib chiqiladi hamda subsidiyalar miqdori bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi.
2024-yil dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jashid Qo‘chqorov issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat elektr va gazga qaraganda biroz murakkabroq ekanini qayd etgandi. Buning sababi sifatida u isitishning bozor qiymati va amaldagi tariflari o‘rtasidagi “katta farq"ni keltirib o‘tdi, bu hududga qarab farqlanadi.
Vazir sohadagi ayrim texnologik muammolar qatorida o‘lchagichlar qo‘yish masalasini keltirdi. Asosan shaharlarda joriy etilgan markazlashgan issiqlik ta’minoti esa qimmat ekani qayd etildi.
“Hatto, 2025−2026 yillarda ham narxlarni birdan oshirib, tarif va xarajatlarni qoplaydigan darajaga yetkazish anchagina qiyin”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet davridan qolgan qozonxonalar va issiqlik tarmoqlari juda eskirgan. Shu bilan birga, infratuzilma tabiiy gazni ko‘p sarflaydi va samaradorlik koeffitsiyenti past.
Avvalroq Toshkentda issiqlik va issiq suv tariflari 2025-yilda bir marta oshirilishi haqida xabar berilgandi.