Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda mamlakatda jamoat transporti tizimi aholini rozi qiladigan darajada yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Shaharlararo avtobuslar grafik bo‘yicha emas, balki yo‘lovchilari 40−50 kishi bo‘lib to‘lganda yurishga o‘rgangan.

Chunki tadbirkorlarga shaharlararo jamoat transportida zararni kompensatsiya qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Subsidiya faqat shahar atrofidagi avtobuslar uchun amal qiladi.

Prezident endilikda o‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini aytdi. Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov bo‘yicha alohida yondashuv bo‘ladi.

Toshkent shahriga kuniga 1 mln odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi. Shu bois poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.

Buning uchun, Toshkent xalqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15−20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik bo‘lishi ta’kidlandi.

“Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti ko‘payadi”, deb aholi xavotirga tushmasin. Sentabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelamiz", — dedi davlat rahbari.

Yangi tizim joriy yilning 1-sentabridan poytaxt va Toshkent viloyati uchun, 2026-yildan esa yirik shaharlarda joriy qilish topshirildi.

Joriy yilgi davlat dasturi bilan Toshkent shahri jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 200 dona elektrobus va ular uchun quvvatlash uskunalarini xarid qilish belgilangan.

Yanvar oyida Ilhom Mahkamov prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.

Aprel oyida Xitoy Eksimbanki Toshkent uchun 200 ta elektrobus xarid qilishga mablag‘ ajratishi mumkinligi ma’lum bo‘lgandi.