Apple iOS 26 ning uchinchi beta-versiyasida interfeys dizayniga sezilarli o‘zgarishlar kiritdi. Bu haqda 9to5mac nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, kompaniya taqdim qilgan Liquid Glass vizual uslubi kamroq shaffof, elementlari esa yanada o‘qilishi oson bo‘ldi.

Endi bir qator tizimli va standart ilovalardagi navigatsiya panellari aniqroq “matli” effektga ega bo‘ldi. Bu esa, ayniqsa rang-barang yoki kontrast fon rasmlari ishlatilganda, panellardagi matn va belgilarni yaxshiroq ajratib ko‘rsatishga imkon beradi.

Yangi dizaynning vizual “suyuqlik” xususiyati dastlab ko‘pchilikni hayratga solgan bo‘lsa-da, shaffoflikning kamayishi orqaga tashlangan qadam bo‘lib tuyulishi mumkin.

Biroq, Apple estetika va funksionallik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga intilayotganga o‘xshaydi. Ko‘plab dasturchilar va sinovchilar allaqachon bu yondashuvning kundalik foydalanishda interfeys idrokini yaxshilashini, shu bilan birga yangi vizual tilning yaxlitligini buzmasligini ta’kidlab o‘tishgan.

Agar yangilanishlar sur’ati saqlanib qolsa, aynan shu versiya Apple yaqin haftalarda chiqarishni va’da qilayotgan birinchi ommaviy beta uchun asos bo‘ladi.


Avvalroq Spot Apple buklanadigan planshetni ishlab chiqishni vaqtincha to‘xtatgani haqida yozgandi.

Holat ishlab chiqarishdagi murakkabliklar, tarkibiy qismlarning yuqori narxi va qurilmaga bo‘lgan noaniq talab bilan izohlanmoqda.