Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda eng muammoli uchastkalarni aholi va jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida aniqlash maqsadida alohida elektron portalni ishga tushirish topshirildi.
Tuman hokimlari, ichki ishlar rahbarlari ushbu portalga qayerga belgi, chiziq, piyoda yo‘lagi va svetofor kerakligi haqidagi ma’lumotni smeta bilan ochiq joylashtiradi.
Aholi ham ushbu ro‘yxatni to‘ldirishi, loyihalarga ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Portalga qilingan ishlarning video va fotosuratlari qo‘yiladi, buni aholi baholaydi.
“Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasi mablag‘ini shakllantirishda barcha viloyat va tumanlarning imkoniyati bir xil emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, jamg‘armaga mablag‘larni loyihalarni moliyalashtirish uchun viloyat va tumanlarga taqsimlash vakolati beriladi. Ichki yo‘llarni tartibga olish uchun viloyat va tuman hokimlari mas’ul bo‘ladi.
Mamlakat va xalqaro yo‘llarda 1 200 dan ortiq qayrilib olish joyi bo‘lsa, shundan faqatgina 146 tasida yer osti va yer ustidan qayrilib olish yo‘llari bor, 10 mingdan ziyod piyoda o‘tish joylarining atigi 154 tasi yer osti va usti orqali tashkil etilgan.
Shundan kelib chiqib, 1-oktabrgacha Toshkent-Samarqand-Termiz, Toshkent-vodiy, Samarqand-Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligi o‘rganiladi.
2025-yil yakunigacha qancha yer osti va yer usti qayrilish hamda piyodalar o‘tish joylari, zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilari va chiziqlari kerakligi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqiladi.
Kelgusi yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan mablag‘ jalb qilish prognoziga bu maqsadlar uchun 200 million dollar kiritiladi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlarini jonlantirish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi.
Avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va mikroavtobuslarga ham joriy qilinadi.
Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qo‘llanadi. Bunda, tadbirkorlarga 2 ta shart qo‘yiladi — harakat grafigiga qat’iy amal qilish hamda elektron to‘lov tizimiga o‘tib, tushumlarni shaffof ko‘rsatib borish.
Avvalroq O‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshirilishi xabar berilgandi. Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda respublika jamg‘armasi qayta tashkil etilib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.