Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2025-yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
O‘tgan olti oyda har bir viloyat, tuman va mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktika tizimi yo‘lga qo‘yildi, jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi oshirildi, huquq-tartibot oliygohlari tomonidan ilmiy-amaliy o‘rganishlar o‘tkazildi.
Lekin bu borada kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar hali ham borligi, profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv, patrul-post va qo‘riqlash xizmati faoliyatini kuchaytirib, aholi xavfsizligini joylarda ta’minlash shartligi qayd etildi. Butun tizimni pastga tushirib, har bir mahallani “jinoyatchilikdan xoli hudud"ga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ko‘p uchrayotgan holat — giyohvandlik moddalari tarqalishini videokuzatuv kameralari va sun’iy intellekt asosida aniqlash, manbasini tag-tomiri bilan yo‘q qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil boshidan buyon O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 42%ini kiberjinoyatlar tashkil qilgan.
Prezidentning joriy yilning aprel oyida imzolangan tegishli qarorida nazarda tutilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirib, kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining bu boradagi bilimi va ogohligini kuchaytirish, to‘lov tizimlarida mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash zarurligi aytildi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi faoliyatini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, unga qabul kvotasini bosqichma-bosqich oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va dual ta’limni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Davlat rahbari ta’lim va malaka dasturlarini zamonaviy xavf-xatarlarga moslashtirish, xodimlarning jangovar va ruhiy shayligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Huquq-tartibot idoralari ishining o‘zaro muvofiqligi va tezkorligini kuchaytirib, qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
So‘nggi besh yilda jismoniy va yuridik shaxslarning kiberhuquqbuzarliklar bo‘yicha murojaatlari 34 baravar, kiberjinoyatlar soni esa 68 baravardan ortiqqa ko‘paygan. 2019-yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, o‘tgan yili 62 turdagi 58 800 ta jinoyat qayd etilgan.
Kiberjinoyatchilar oxirgi uch yilda fuqarolarning 1,9 trln so‘mdan ortiq mablag‘ini talon-taroj qilgan. O‘tgan yilning o‘zida esa bu 603 mlrd so‘mni tashkil etgan. Kiberjinoyatlarning 98%i bank kartalari orqali sodir etilgan. Jinoyatchilar asosan bank kartasi yoki mobil ilova boshqaruvini qo‘lga kiritish uchun zararli havolalar va dasturlar yuboradi.
Avvalroq IIV avtomobil xaridorlarini 50 mlrd so‘mdan ortiqqa chuv tushurgan firibgarlarni qo‘lga olgani haqida xabar berilgandi. Ish bo‘yicha 843 nafar jabrlanuvchi bor. IIV boshqa jabrlanganlarni tergov bo‘yicha tezkor shtabga murojaat qilishga chaqiradi.