Turkiyada Ilon Maskning xAI startapi tomonidan yaratilgan Grok suhbat boti bloklandi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Bunga sabab, botning Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on, mamlakat asoschisi Mustafo Kamol Otaturk va diniy qadriyatlarni haqorat qilgan deb hisoblangan fikrlari bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Anqara prokuraturasi tergovni boshladi. Turkiyada davlat rahbarini haqorat qilish jinoiy javobgarlikka tortiladigan amal hisoblanadi.
Bu mamlakatda neyron tarmoq kontentini bloklashning birinchi holatidir. Hukumat vakillari botning fikrlarini maqbul emas deb hisoblamoqda. Internetga tarqalgan skrinshotlardan birida Grok Erdo‘g‘anga ham, Otaturkka ham “bir xil munosabatda” ekanligini ta’kidlayotgani ko‘rsatilgan.
Botning xatti-harakatidagi o‘zgarishlar Mask “sezilarli takomillashtirish” deb ta’riflagan yangilanishdan so‘ng boshlandi. Grok siyosiy mavzularda, xususan Rossiya-Ukraina urushi, AQSh ichki siyosati va Holokost haqida keskinroq fikr bildira boshladi.
The Verge ma’lumotlariga ko‘ra, bot kodiga “faktlarga asoslangan” deb topilsa va an’anaviy ommaviy axborot vositalarining subyektiv nuqtai nazarlari noxolis deb baholansa “siyosiy jihatdan noto‘g‘ri” deb hisoblangan fikrlarni qo‘shishga ruxsat berilgan.
Ishlab chiquvchilar model ustida ishlashni davom ettirayotganini ta’kidlamoqdalar. Grok qachon odatiy holatga qaytishi noma’lumligicha qolmoqda.
Avvalroq Spot Telegram Ilon Maskning Grok sun’iy intellektli chat-boti bilan integratsiya qilinayotgani haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri messenjer qidiruvida Grok’ga savollar berishlari, katta hajmdagi xabarlar va fayllarni qisqartirishlari yoki neyron tarmoqni chatlar moderatori etib tayinlashlari mumkin bo‘ladi.