Pavel Durov Ilon Mask bilan bir yil muddatga hamkorlik qilishga kelishib olganini aytdi. Bu haqda u Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Durovning qayd etishicha, endi Telegram Grok sun’iy intellektli chat-botini o‘z ilovalariga integratsiya qilmoqda.
Foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri messenjer qidiruvida Grok’ga savollar berishlari, katta hajmdagi xabarlar va fayllarni qisqartirishlari yoki neyron tarmoqni chatlar moderatori etib tayinlashlari mumkin bo‘ladi.
Telegram xAI kompaniyasidan $300 mln naqd pul va aksiyadorlik kapitali oladi, shuningdek, Telegram orqali sotilgan xAI obunalaridan keladigan daromadning 50%iga ega bo‘ladi.
Joriy yilning mart oyi oxirida Grok sun’iy intellektli chat-boti Telegramda paydo bo‘lgandi. Bu haqda Mask X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilib, sun’iy intellekt bilan o‘zaro hamkorlikning yangi kanali ishga tushirilganini tasdiqladi.
Telegram Premium obunasi bo‘lgan foydalanuvchilar GrokAI’ga kirish huquqiga ega bo‘lishdi — ular uchun xizmat bepul bo‘ladi.
Bot Grok 3'ning so‘nggi modeli asosida ishlaydi. Biroq, ishlab chiquvchilarning aniqlik kiritishicha, Telegram-versiyada Think (mantiqiy mulohazalar uchun) va DeepSearch (manbalarni chuqur tahlil qilish) funksiyalari bo‘lmaydi. Bu imkoniyatlar Grok mahalliy ilovasi va X platformasi uchun eksklyuziv bo‘lib qoladi.
Dastlabki foydalanuvchilar Telegramda botning paydo bo‘lganini 20-martdayoq sezishgan, ammo ularning bir qismi tizimga kirishdagi muammolar va so‘rovlarga javob kelmagani haqida shikoyat qilishgan — bu ehtimol, ortiqcha yuklanish tufayli yuz bergan. Ilgari ta’kidlanganidek, Grokning Telegram versiyasi javob berishda qisman cheklangan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot Telegram 2024-yilda $540 mln sof foyda olgani haqida yozgandi.
Durovga bo‘lgan sud bosimiga qaramasdan daromad to‘rt baravarga oshib, $1,4 mlrdni tashkil etgan.