2025−2026 yilgi isitish mavsumida ham O‘zbekistonda mazutdan foydalanilishi mumkin. Bu haqda 8-iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Issiqlikta’minoti boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

U mamlakatda kuz-qish mavsumida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanish to‘xtatilmaganini ta’kidladi. Undan foydalanish ob-havo sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.

“O‘tgan isitish mavsumida mazut deyarli ishlatilmadi, faqat Nuroboddagi bitta va Toshkentdagi ikkita qozonxonada foydalanilgan. Bu yil mazutga bo‘lgan zaxiralar yetarli bo‘lgani uchun uni xarid qilish rejalashtirilmagan. Biz uni zaxira yoqilg‘isi sifatida saqlashga harakat qilamiz, imkoni boricha tabiiy gazdan foydalangan holda isitishni ta’minlaymiz”, — dedi Ilhom To‘rayev.

Issiqlikta’minoti rahbari mazut sotib olishga zarurat yo‘qligini qayd etdi. O‘zgidromet prognozlari asosida olib borilgan o‘rganishlar o‘tgan yildan beri mavjud bo‘lgan zaxiralar joriy isitish mavsumidagi ehtiyojlarni qoplash uchun yetarli ekanligini ko‘rsatgan.

Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Bundan avariya va favqulodda vaziyatlar mustasno.

Avvalroq O‘zbekistonda 2030-yilgacha isitish va issiq suv uchun subsidiyalarni butunlay bekor qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.