Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda davlat rahbari xorijiy mehmon ham, fuqarolar ham mamlakat yo‘llariga qarab, iqtisodiyot rivojlanishiga baho berishini ta’kidladi.

“O‘tgan shanba-bozor (yakshanba) o‘zim rulda yurib keldim, lekin hech kim bilmaydi rulda kim [o‘tirganini]. Men ham tirbandlikda turdim 15−20 daqiqa, yaxshilab turdim, turganda ham”, — dedi prezident.

Davlat rahbari Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga yuzlanib, holatga izoh berdi. Lekin tirbandlik sabab, prezident, yo‘lni ochish bo‘yicha topshiriq bermaganini, barcha avtomobillar qatori kutganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev bunday holatlar odamlar kayfiyatiga ta’sir qilishini qayd etdi.

“Hamma bilan turdim men ham, nima qilaman? Baqirmayman-ku ko‘chaga chiqib, „ey men palonchiman, [yo‘lni] menga ochib ber“, deb. El qatori keldik. Shu el qatori moshinada [tirbandlikda] turdim. Undan o‘tgach vazirga telefon qildim, „sen kelib o‘zing o‘tginchi qani!“ Odamlar kechasi uyiga qaytib kelyapti, kayfiyati o‘zgaradimi, yo‘qmi? Bitta masala, to‘rt tamg‘ali (polosali) yo‘l bilan ko‘prikga kelib, ikki tamg‘ali bo‘lyapti. Albatta, shunday bo‘ladi-da! Buni qilsa bo‘ladimi, yo‘qmi — bemalol qilsa bo‘ladi”, — deya xulosa qildi prezident.

1-sentabrdan poytaxt va Toshkent viloyati jamoat transporti uchun yang tizim joriy etiladi. Endi poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining tutash hududlarini qamrab oladi. Buning uchun, Toshkent xalqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15−20 kilometrga uzaytiriladi.