Centrum Air ikkinchi uzoq masofali keng fyuzelyajli Airbus A330−300 samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda xususiy aviakompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi. U 10-iyul kuni Portugaliyaning Beji shahridan Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi.

Planespotters.net portali ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi 2009-yil oxirida Tuluzada ishlab chiqarilgan. 2023-yilgacha samolyot Tailandning Thai Airways aviakompaniyasi tomonidan boshqarilgan. 2023-yil iyun oyidan beri samolyot uchta turli aeroportda saqlanib turilgan. Laynerning so‘nggi ekspluatanti Irlandiyaning Aergo Capital lizing kompaniyasi deb ko‘rsatilgan.

Yangi samolyotning 2−4−2 sxemadagi saloni to‘liq iqtisodiy konfiguratsiyada 347 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Havo kemasi yaxshilangan tebranish va shovqinga qarshi izolyatsiya tizimi, shuningdek, past shovqinli dvigatellar bilan jihozlangan.

Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yaqin orada A330 samolyotida, shuningdek, kelajakda Centrum Air’ning barcha samolyotlarida interaktiv multimedia tizimi joriy etiladi.

Hozirda Airbus A330 samolyoti allaqachon Guanchjou, Bangkok va Seul yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirmoqda. Yaqin vaqt ichida esa u Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropaga yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalishlarda ham foydalaniladi.

Centrum Air birinchi keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini aprel oyi oxirida olgandi. Havo kemasining so‘nggi ekspluatanti sifatida Irlandiyaning Aergo Capital lizing kompaniyasi ham ko‘rsatilgan.

Ayni paytda Centrum Air xususiy aviakompaniyasining havo flotida 10 ta samolyot mavjud: oltita Airbus A320, ikkita A321 va ikkita A330−300. Havo parkining o‘rtacha yoshi 12,6 yoshni tashkil etadi. Bundan tashqari, tashuvchi yana ikkita yangi layner kelishini kutmoqda.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways 2026-yilda ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini olishi haqida yozgandi.