O‘zbekiston Xitoyga Qirg‘iziston orqali temir yo‘l qurilishiga mahalliy kompaniyalarni jalb qilishni taklif qildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Ilhom Mahkamov Xitoy temir yo‘llari davlat kompaniyasining bosh direktori Syude Sun hamda Xitoy Taraqqiyot va islohotlar milliy qo‘mitasi Xorijiy investitsiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Szin Sin bilan muzokaralar olib bordi.
Tomonlar Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasining joriy holati va uning amalga oshirilishining hozirgi bosqichidagi mavjud masalalarni muhokama qildilar.
Mahkamov O‘zbekiston kompaniyalarining milliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan foydalangan holda mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha subpudrat ishlarida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Shuningdek, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha yuk oqimini ko‘paytirish va tashishni rivojlantirish maqsadida Qashqar stansiyasiga “eksport” maqomini berish tavsiya qilindi.
Bundan tashqari, Xitoy transport vaziri Lyu Vey bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi yirik infratuzilma va transport-logistika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish, Xitoy-Yevropa multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnoma blankalarini elektron tarzda almashishga o‘tish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Avvalroq Qirg‘izistonda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Xalqaro temir yo‘lining mamlakatdan o‘tuvchi qismi 304 kmni tashkil etib, ushbu yo‘l bo‘ylab to‘liq qurilish ishlari yo‘lga qo‘yildi.